Bugun, 8 iyul kuni Oʻzbekiston boks federatsiyasi Buxoro viloyati boʻlimining navbatdan tashqari hisobot-tayinlov konferensiyasi boʻlib oʻtdi.
Unda bir qator tashkiliy masalalar muhokama qilindi. Kun tartibining asosiy masalasi viloyat boʻlimiga yangi rais tayinlashdan iborat edi. Mazkur konferensiyani Buxoro viloyati turizm va sport bosh boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari I. Mirzayev ochib berdi.
Yaxshi bilasiz, bugungi kunda Buxoro viloyati boksi yurtimizda yetakchilardan biri sifatida e’tirof etiladi. Viloyatdan bir qator jahon va Osiyo chempionlari yetishib chiqgan. Ammo boks bir joyda toʻxtab turmaydi. Endilikda ushbu yetakchilikni saqlab qolish, viloyat boksini yangi pogʻonaga koʻtarish talab etiladi. Shu maqsadda bugun viloyat boʻlimiga yangi rais va 1-vitse prezidentlari tayinlandi. Endilikda ushbu mas’uliyatli vazifa ya’ni federatsiya prezidenti lavozimi Buxoro viloyati prokurori Istamov Maxmud Shuxratovichga ishonib topshirildi. Shu bilan birga 1-vitse prezidenti lavozimi esa Buxoro viloyati bojxona boshqarmasi boshligʻi Qutlimuratov Baxodir Abdullayevichlarga topshirildi.
Undan tashqari kengash a’zolari saylandi. Unga koʻra kengash a’zolari sifatida rais federatsiya prezidenti Maxmud Shuxratovich Istamov, oʻrinbosari birinchi vitse-prezident Baxodir Abdullayevich Qutlimuratov, a’zolari Xamza Istamovich Avezov, Nodir Muxammadiyevich Xamdamov, Baxodir Baxtiyorovich Shamsiyev, nazorat –taftish komissiyasi a’zolari sifatida esa rais Nodir Muxammatovich Xamdamov, a’zolari Ravshan Ilxamovich Xadjayev va Nodir Rajabovich Gʻulomov nomzodlari bir ovozdan ma’qullandi.
Yigʻilish davomida bir qator masalalar boʻyicha hisobotlar berildi, 5099-sonli qarorda belgilab berilgan vazifalar mazmun-mohiyati tushuntirib berildi va ularning ijrosi boʻyicha muhokamalar olib borildi.
Buxoro viloyati turizm va sport bosh boshqarmasi
Matbuot xizmati